Valyuta kurslari 24/10/2025
$1 – 12129.33
UZS – 0,23%
€1 – 14061.53
UZS – 0,21%
₽1 – 149.17
UZS – 0,78%
Qidirish
Toshkentda V aksilkorrupsiya forumi yakunlandi

Toshkentda V aksilkorrupsiya forumi yakunlandi

Toshkentda V aksilkorrupsiya forumi yakunlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Muhokamalardan amaliy o‘zgarishlar sari” shiori ostida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yuqori darajadagi nufuzli xalqaro tadbir — V Toshkent aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining tashabbusi asosida har yili o‘tkazib kelinayotgan “Aksilkorrupsiya haftaligi”ning markaziy voqeasidir.

Forumning asosiy maqsadi — korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro muloqot va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, tajriba va innovatsion yondashuvlar almashinuvini kuchaytirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, zamonaviy preventiv mexanizmlarni ishlab chiqish,  O‘zbekistonning xalqaro maydondagi masʼuliyatli hamkor va ishonchli sherik sifatidagi nufuzini yana-da mustahkamlash, sohaga oid xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishdagi qatʼiy siyosiy irodasini namoyon etishdan iborat.

Bu yilgi Forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), AQSH Davlat departamenti, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMTning  Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Konrad Adenauer Fondi hamda Qatar davlatining Qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurashish markazi kabi yirik xalqaro hamkorlar ko‘magida tashkil etildi. 

Unda xorijiy delegatsiyalar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining 250 nafardan ortiq vakillari, jumladan, Germaniya, Sloveniya, Gruziya, Litva, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi, Misr, Mo‘g‘uliston, Indoneziya, Ozarbayjon kabi 20 dan ortiq davlatlarning aksilkorrupsiya idoralari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Transparency International, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va BMT tuzilmalarining yetakchi mutaxassislari, qator mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Forum haftaligining muhim tadbirlaridan biri sifatida 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Biznes-ombudsmani bilan hamkorlikda Xalqaro Biznes-ombudsmanlar yig‘ilishi va IV Biznesda halollik forumi o‘tkazildi.

Shuningdek, Forum doirasida 22 oktyabr kuni Transparency International Latvia va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan hamkorlikda “Davlat xarajatlari monitoringi va hisobdorlikni taʼminlash” mavzusida nodavlat tashkilotlari uchun seminar-trening, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ko‘magida korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilishga oid qonun loyihasining taqdimotiga bag‘ishlangan maxsus tadbir o‘tkazildi. Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Shaffoflik va ochiqlik — korrupsiyaga qarshi kurashish vositasi sifatida” mavzusida seminar hamda BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa ekspertlari ko‘magida 3 ta hududda eksperiment tarzida amalga oshirilayotgan “Halol hududlar” (“Island of Integrity”) loyihasi taqdimot qilindi.  

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ushbu Forum doirasida 2027 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga aʼzo davlatlar konferensiyasining
12-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbus mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi xalqaro rolini mintaqaviy darajadan global darajaga ko‘tarishga qaratilgan navbatdagi muhim siyosiy qadam hisoblanadi.

Anʼanaga muvofiq, zamonaviy taraqqiyot va global o‘zgarishlar talabidan kelib chiqib, bu yilgi Forumda ham korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarb masalalari kun tartibiga qo‘yildi. Jumladan, asosiy muhokama sessiyalari “Korrupsiyaga qarshi sunʼiy intellekt”, “Komplayens nazoratining yangi darajasi” va “Korrupsiyaga qarshi o‘qitish” mavzulariga bag‘ishlandi.

Faol muloqot va qizg‘in muhokamalar yakuniga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini takomillashtirish, chora-tadbirlar samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi hamda 5-Toshkent aksilkorrupsiya forumining deklaratsiyasi qabul qilindi.

Forum natijalari O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat milliy islohotlarni izchil chuqurlashtirayotganini, balki global antikorrupsiya harakatining tobora faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling