Toshkentda Uzayir Hojibekov tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistondagi Ozarbayjon Respublikasi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida ozarbayjon milliy musiqasi asoschisi, buyuk kompozitor Uzayir Hojibekov tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan konsert tashkil etildi.
Tadbir Haydar Aliyev jamg‘armasi va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan XVII Xalqaro Uzayir Hojibekov musiqa festivali doirasida o‘tkazildi.
Tantanali kechada so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Huseyn Guliyev kompozitorning ozarbayjon musiqasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi va milliy o‘zlikni shakllantirishda tutgan o‘rnini alohida taʼkidladi. Diplomat Prezident Ilhom Aliyevning yubileyni davlat miqyosida nishonlash to‘g‘risidagi farmoni Uzayir Hojibekov xotirasi va merosiga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi ekanini qayd etdi.
Kechaning badiiy qismida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Bashqirdiston va Totoriston xalq artisti Jenisbek Piyazov, O‘zbekiston Filarmoniyasi solistkasi Sayyoda Nartajiyeva, «O‘zbek yoshlari» ansambli solistkasi Sarvinoz Kamilova chiqish qildi. Ularning buyuk kompozitor asarlarini ijro etishi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi va olqishlar bilan kutib olindi.
“Ozarbayjon” ansambli milliy raqslar namoyishi bilan konsertga yana-da rang-baranglik baxsh etdi va ozarbayjon anʼanalarining boyligi namoyon etildi. Tomoshabinlarda ayniqsa «Arshin mal Alan» operettasidan ilhomlangan yoshlar truppasi tomonidan tayyorlangan sahna asari katta qiziqish uyg‘otdi.
Konsert O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlikni mustahkamlaydigan muhim madaniy voqea sifatida yuksak baholandi.