Toshkentda turk-o‘zbek ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkentda turk-o‘zbek ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 11 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Turkiya Respublikasining AlfaTurk Group boshchiligida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan kompaniyalar rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarga Palata raisi o‘rinbosari Shaxlo Ibragimova mezbonlik qildi.
AlfaTurk Group — turk kompaniyalarini yangi bozorlarga olib chiqish va mahalliy biznes bilan kooperatsiyani tashkil etuvchi biznes-platforma hisoblanadi. Kompaniya turli sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalarni birlashtirib, asosan qurilish materiallari, loyiha boshqaruvi, ishlab chiqarish va investitsiya yo‘nalishlarida sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv davomida turk kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, savdo va sanoat hamkorligini institutsional asosda rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Delegatsiya vakillari mamlakatimizda tadbirkorlik muhiti va yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha amaliy maʼlumotlar bilan tanishdi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida qator yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari belgilandi.
Jumladan, turk tomonidan Likya Royal Limestone, Art Legenda, Argeplano Proje Süreç Yönetimi, Yilmazlar Yalitim-Dadam Yapi, o‘zbek tomonidan esa “Nurafshon Nur” MCHJ, “Imdy-Baby” MCHJ, “Onyx Stones Boutique” MCHJ, “Irtifa” MCHJ va “Turon Kutur” MCHJ o‘rtasida strategik sheriklik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini yana-da faollashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi.