Toshkentda turizm sohasi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi
Toshkentda turizm sohasi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida turizm sohasini izchil rivojlantirish, bozor ishtirokchilari bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda sohadagi mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan keng qamrovli ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv poytaxtda joylashgan Singapur menejmentni rivojlantirish institutida bo‘lib o‘tdi va unda vazirlik hamda idoralar vakillari bilan bir qatorda 130 dan ortiq turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar — turoperatorlar va turagentlar, turizm transport xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar, hunarmandlar, savdo-ko‘ngilochar obyektlar, istirohat bog‘lari hamda sug‘urta kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida 2025-yilda Toshkent shahrida turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar atroflicha taqdim etildi. Xususan, shaharda turistik oqimni oshirish, yangi turistik marshrutlar yaratish, infratuzilmani takomillashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan loyihalar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Shu bilan birga, 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokama markazida bo‘ldi. Ular qatorida turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy standartlarni joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan amaliy taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish, transport logistikasini yaxshilash, turistlar uchun qulay muhit yaratish hamda milliy mahsulot va hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish masalalari ko‘tarildi. Mutasaddi idoralar tomonidan mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Mazkur ochiq muloqot davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohadagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda turizm xizmatlari bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.