Toshkentda Tashkent Pharma Parkida Bioklaster yaratish masalasi muhokama qilindi
Toshkentda Tashkent Pharma Parkida Bioklaster yaratish masalasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 3 dekabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Koreyaning xorijda infratuzilma va shaharsozlikni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida KIND tomonidan “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududi barpo etilishi rejalashtirilayotgan Bio-klaster konsepsiyasi bo‘yicha prezentatsiya taqdim etildi.
Muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tdi. Tomonlar loyihani amalga oshirish bosqichlari, taxminiy investitsiya miqdorlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va o‘zaro maʼlumot almashdilar. Shuningdek, loyihaning shahar atrof-muhitiga taʼsiri, kommunal tizimlar uchun kutilgan yuklama va ulushi atroflicha muhokama qilindi.
Agentlik direktori “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterida yaratilgan qulayliklar, infratuzilma imkoniyatlari hamda hukumat tomonidan taqdim etiladigan bir qator imtiyozlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Shuningdek, mazkur loyiha O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida muhim o‘rin tutishi, Bio-klaster esa Koreya - O‘zbekiston biotexnologiya sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomon taʼlim, innovatsiya va texnologiyalar yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, navbatdagi uchrashuvni o‘tkazish borasida kelishib oldilar.