Toshkentda soyali iqtisodiyotga qarshi kurash bo'yicha forum bo'lib o'tmoqda
Toshkentda soyali iqtisodiyotga qarshi kurash bo'yicha forum bo'lib o'tmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda Kavkaz, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston mamlakatlari soliq idoralari rahbarlarining III forumi boshlandi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) hamda XVJning KMOM mamlakatlari salohiyatini rivojlantirish Mintaqaviy markazi koʻmagida tashkil etildi.
Forumning asosiy mavzusi – yashirin iqtisodiyotni tartibga solish, jahon tendensiyalari va mintaqaviy oʻziga xoslik masalalaridan iborat. Unda ishtirokchilar soliq maʼmuriyatchiligi samaradorligini oshirish va norasmiy sektor ulushini qisqartirish boʻyicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilishmoqda.
Tadbirning ochish marosimida XVJ Budjet masalalari departamenti boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Margaret Kotton, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi Raisi Farrux Pulatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi Abdulaziz Xaydarov tabrik soʻzlari bilan ishtirok etdi.
Forum doirasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
12–13-mart kunlari boʻlib oʻtayotgan mazkur forum budjet daromadlarini boshqarish sohasida kasbiy muloqotni rivojlantirish, hamkorlikdagi munosib yechimlarni ishlab chiqish hamda ikki tomonlama uchrashuvlar orqali xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni hisoblanadi.