Toshkentda Oʻzbekiston-Pokiston biznes forumi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Bugun Toshkentda O‘zbekiston – Pokiston biznes forumi va biznes imkoniyatlariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.
Forumda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, qurilish, axborot texnologiyalari va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi 300 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov, Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi prezidenti Umar Shavkat va boshqa mutasaddilar kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Ikki tomon vakillari iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi, qo‘shma loyihalarni kengaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladilar. O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Forum doirasida B2B va B2G uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma ishlab chiqarish, savdo-sotiq va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Forum yakunida quyidagi hamkorlik memorandumlari imzolandi:
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida;
Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi va Sky Electric o‘rtasida;
Caraway Pharmaceuticals va Perfect Future Medicine o‘rtasida;
Neutrics Global (Pvt) Ltd va ANT Group o‘rtasida;
Pak World Trade & Expo Centre va BMCA o‘rtasida.
Ushbu hujjatlar ikki mamlakat tadbirkorlik doiralari o‘rtasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishga xizmat qiladi.