Valyuta kurslari 22/05/2025
$1 – 12937.93
UZS – 0,35%
€1 – 14665.14
UZS – 1,05%
₽1 – 161.10
UZS – 0,47%
Qidirish
Iqtisod 22/05/2025 Toshkentda O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21 may kuni Gruziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Georgiy Pertaya boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatdan 300 nafarga yaqin ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 23%ga o‘sib, 213 million AQSH dollarini tashkil etdi. Jumladan, O‘zbekistondan eksport 60,5 million dollar, Gruziyadan import 153,2 million dollar miqdorida amalga oshirilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda gruzin kapitali ishtirokida 60 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shulardan 31 tasi qo‘shma, 29 tasi esa 100% gruzin sarmoyasi asosida tashkil etilgan.

Forumni ochar ekan, Davron Vaxabov Gruziya delegatsiyasining nufuzli va salohiyatli tarkibi uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tadbir O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ishbilarmonlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdo hajmini oshirishda muhim platforma vazifasini o‘taydi, deya taʼkidladi.

Forum doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, sanoat sohalaridagi keng imkoniyatlar taqdim etildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, turizm, ulgurji savdo va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud ekanligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, forum davomida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi, unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishning amaliy jihatlarini batafsil muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling