Toshkentda O'zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi strategik muloqot bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Bugun Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi janoblari bilan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida uchrashganimizdan mamnunmiz, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram kanalida. – Hamkasbim bilan birgalikda tashqi ishlar vazirlari darajasidagi birinchi strategik uchrashuvni o'tkazdik.
Hozirgi kunda kimyo sanoati va energetika kabi bir qator muhim sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. IT, transport, konchilik, "yashil" energetika va boshqa yo'nalishlar kelgusi hamkorligimiz uchun jozibador yo'nalishlar bo'lib qolmoqda.
Bugun biz imzolagan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi o'rtasidagi Strategik dialog bo'yicha Qo'shma kommyunike, shubhasiz, O'zbekiston-Yaponiya munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi – siyosiydan tortib iqtisodiyotgacha, ta'limdan xalqaro aloqalargacha".
Yaponiya TIV rahbari bir kun avval O'zbekistonning yetakchi elektron va bosma nashrlarida e'lon qilingan maqolasida uning mamlakati O'zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni ilgari surish bo'yicha sa'y-harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlashi, uning rivojlanishiga, jumladan, infratuzilmani yaratish va kadrlar tayyorlash kabi sohalarda har tomonlama yordam ko'rsatishini alohida ta'kidlagan.