Toshkentda O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 13 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan O‘zbekiston-Afg‘oniston xususiy sektor vakillarining biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Afg‘onistondan 80 nafar tadbirkor va O‘zbekistondan 200 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etmoqda. Uchrashuvlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika va avto ehtiyot qismlari kabi 7 ta yo‘nalishda tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi janob Muhammad Karim Hoshimiy hamda Afg‘oniston Islom Amirligining O‘zbekistondagi elchisi Mavlavi Abdul G‘affor Bahr ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, 2025 yil davomida Kobul va Mozori-Sharifda o‘tkazilgan tadbirlarda 120 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi ishtirok etib, umumiy qiymati 60 million AQSH dollaridan ziyod shartnomalar imzolandi. Faqatgina avgust oyida Kobulda o‘tgan biznes-forum yakunlariga ko‘ra 45 dan ziyod kelishuvga erishildi.
Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston Savdo uylari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, Kobul shahridagi Savdo uyi shourum va omborxonaga ega bo‘lib, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etmoqda. Mozori-Sharif shahridagi Savdo uyi esa farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlariga ixtisoslashgan.
2024 yil yakuniga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1,134 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 30,7 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, ijobiy savdo saldosi 1,044 milliard dollarni tashkil etdi.
Uchrashuv doirasida B2B formatidagi muzokaralar ham tashkil etilib, savdo hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy tashabbuslarni muhokama qilish hamda Afg‘oniston bozorida eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.