Toshkentda OSTEN aqlli suv hisoblagichlari zavodi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Technopark MChJ va Diehl Metering tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan OSTEN aqlli suv hisoblagichlarini ishlab chiqaruvchi yangi zavodning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, “SUEZ International SAS” kompaniyasi, “Toshkent shahar suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Yangi ishlab chiqarish korxonasi yiliga 350 ming dona zamonaviy “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, kelgusida mahsulotni to‘liq mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
“OSTEN” suv hisoblagichlari xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Ushbu hisoblagichlar “Diehl Metering” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “IZAR NET” va “IZAR Mobile” axborot tizimlari yordamida suv sarfini real vaqt rejimida kuzatish, suv sizib chiqish holatlarini aniqlash hamda to‘lovlarni shaffof amalga oshirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi 428-sonli qaroriga muvofiq “Toshkent shahri ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Toshkent shahrida mana shunday zamonaviy “aqlli” suv hisoblagichlardan o‘rnatilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi iste’molchilar uchun qulaylik yaratish, ichimlik suvini hisobga olish va hisob-kitob jarayonlarini shaffoflashtirish, sohani raqamlashtirish hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashdan iborat. Loyihaga ko‘ra 2028-yilga qadar Toshkent shahrida jami 670 ming dona “aqlli” suv hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, ushbu tashabbus suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli yechimlarni keng joriy etish va iste’molchilar uchun qulay sharoit yaratishda muhim qadam bo‘lib, mamlakatda ekologik barqarorlik hamda resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.