Toshkentda Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma sanoat koʻrgazmasi ochildi

Toshkentda Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma sanoat koʻrgazmasi ochildi

Toshkentda Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma sanoat koʻrgazmasi ochildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-mart kuni poytaxtimizdagi “CAEx” majmuasida Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida tashkil etilgan qo‘shma ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Ziyozoda Sulaymon Rizoi hamda Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir ishtirok etdilar.

Umumiy maydoni 1 300 kvadrat metrni tashkil etgan ushbu ekspozitsiya ikki mamlakatning sanoat salohiyatini namoyish etuvchi maydonga aylandi.

O‘zbekiston tomonidan to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika va avtosanoat kabi 15 ta tarmoqdan 180 dan ortiq korxona o‘zining 450 dan ziyod turdagi mahsulotlarini taqdim etdi. Tojikiston tomonidan esa 10 ta soha bo‘yicha 30 dan ortiq kompaniya 200 ga yaqin turdagi tovarlari bilan qatnashmoqda.

27-martga qadar davom etadigan mazkur ko‘rgazma sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tadbirda har kuni ishbilarmon doiralar va tarmoq birlashmalarining 500 dan ortiq vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ko‘rgazma dasturidan B2B va G2B shaklidagi uchrashuvlar, eksport imkoniyatlari taqdimoti hamda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida savdo shartnomalari va hamkorlik bitimlarini imzolash bo‘yicha muzokaralar o‘rin olgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling