Toshkentda Mozandaran savdo-sanoat palatasining vakolatxonasi ochiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Eron Islom Respublikasi Savdo-sanoat, konlar va qishloq xo‘jaligi palatasi boshqaruvi aʼzosi Abdulloh Mo‘hojir boshchiligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Mozandaran viloyati ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mozandaran viloyati — Eronning shimolida joylashgan, agrosanoat va eksport salohiyati yuqori bo‘lgan hudud. Viloyat agrosanoat, oziq-ovqat mahsulotlari, neft-kimyo, qurilish materiallari va sayyohlik sohalarida katta salohiyatga ega. Yiliga 6 mln tonna agrar mahsulot ishlab chiqariladi. 3 ta erkin iqtisodiy zona mavjud, sayyohlik va sanoat yo‘nalishlarida faol.
Tadbirda Eronning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy, Mozandaran viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari Ali Taqipur, Eron-O‘zbekiston qo‘shma savdo palatasi raisi Muso Og‘ai, shuningdek, ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Mozandaran viloyati Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi vakolatxonasining ochilishi munosabati bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Eron tomoni “IranExpo–2025” xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripov tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbek–Eron biznes forumida O‘zbekiston ishbilarmonlari delegatsiyasining faol ishtirokini yuqori baholadilar.
2024 yil yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama savdo hamkorligi umumiy 469,6 mln. AQSH. dollarni tashkil etdi, shundan eksport – 163,5 mln. AQSH dollar, import esa – 333,0 mln. AQSH dollarni tashkil qildi. Bugungi kunda mamlakatimizda Eron sarmoyasi ishtirokida 261 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘z navbatida, D.Rasulov ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish hamda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek tadbirkorlarining Mozandaran viloyatiga tashrifini tashkil etish taklifi bildirildi.
Muzokaralar yakunida mazkur tashrifni amalga oshirish va hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.