Toshkentda MDH mamlakatlari atom energetikasi faxriylarining xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida “Yadro energetika va yadro texnologiyalarning zamonaviy muammolari” deb nomlangan XI Xalqaro anjuman o‘tkazildi. Tadbir doirasida MDH hamda Yevropaning qator davlatlaridan kelgan mutaxassislarni birlashtirgan Yadro energetikasi va sanoat faxriylari hududlararo uyushmasining davra suhbati tashkil etildi.
Unda yadro infratuzilmani rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash, aholi bilan ishlash, radioaktiv chiqindilarni xavfsiz tarzda saqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, ekologik zararni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Anjuman mamlakatimizda yadro fanining asoschisi, taniqli o‘zbek olimi, akademik Behzod Yuldashev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazildi. U nafaqat mashhur fizik, balki ilm-fan tashkilotchisi sifatida ham katta iz qoldirgan, yosh tadqiqotchilar maktabini shakllantirgan olim sifatida eslanadi. Hozirda uning shogirdlari O‘zbekiston nomidan xalqaro ilmiy maydonlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Anjuman doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida (YAFI) olim xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik monumenti ochilishi va uning hayoti hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan “Zarralarni zabt etgan inson” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
«Bu kitob akademik Yuldashevning do‘stlari, hamkasblari va shogirdlarining xotiralarini o‘z ichiga olgan. Uning ilmiy merosi, jumladan, o‘nlab monografiyalar va yuzlab ilmiy maqolalar, yangi avlod tadqiqotchilari uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz ishonamizki, ushbu kitobni o‘qigan har bir kishi Bexzod Sadiqovich Yuldashev shaxsiyatining yangi qirralarini kashf etadi», - dedi YAFI direktori Ilhom Sadiqov.
Yadro energetikasi va sanoat faxriylari hududlararo uyushmasining raisi o‘rinbosari, masʼul kotibi Vitaliy Lebedenko mazkur anjuman atom energetikasi tarixi uchun muhim sana va voqeliklar bilan chambarchas bog‘liqligini taʼkidladi.
- Anjumanimiz nafaqat buyuk olim, akademik Yuldashev tavalludining yubiley yili, balki uning faol ishtiroki bilan rivojlangan atom sanoatining yubiley yilida ham o‘tkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega. Shuningdek, joriy yilda Veteranlar ittifoqimiz tashkil topganiga 15 yil to‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida Ittifoqimiz nufuzli xalqaro tashkilotga aylanib, 17 ta davlatdan 30 dan ziyod veteranlar tashkilotini birlashtirdi. Har yili safiga yangi xorijiy aʼzolar qo‘shilib bormoqda, - dedi Lebedenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yadro sohasi 80 yil mobaynida iqtisodiyot, energetika, fazo va Arktikani o‘rganish, tibbiyot hamda jahon fanining jadal rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan yetakchi tarmoqlardan biriga aylandi. Bugungi kunda atom energetikasini rivojlantirish mamlakatlarning iqtisodiy va texnologik barqarorligida muhim omilga aylanmoqda. Amaliy tajribaga ko‘ra, yadro texnologiyalarga eʼtibor qaratgan davlatlar uzoq muddatli energetik mustaqillikni taʼminlamoqda. Atom loyihalaridan voz kechish esa, ko‘pincha iqtisodiy qiyinchiliklarga va tashqi energiya manbalaridan bog‘liqlikka olib kelmoqda. Lebedenko taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Qozog‘istonda zamonaviy atom elektr stansiyalarini barpo etish ishlarining boshlangani butun mintaqa uchun ulkan istiqbollar eshigini ochmoqda.
Anjuman ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalarga o‘tish mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish va aholi bilan izchil ish olib borishsiz mumkin emas. Tadbirda O‘zbekiston vakillari Toshkentdagi MMFI MTYAU filialida mutaxassislar tayyorlash loyihalari, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida amalga oshirilayotgan maʼrifat ishlari haqida maʼlumot berishdi. Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Mug‘ulistondan kelgan mutaxassislarning maʼruzalarida radioaktiv chiqindilar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlaridan tortib, yadro texnologiyalarning tibbiyot va ekologiyada tutgan o‘rnigacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalar yoritib berildi.
Anjuman doirasida atom sohasi faxriylari “Rossiya atom sanoatiga 80 yil” va “Yadro energetikasi va sanoat faxriylari hududlararo uyushmasiga 15 yil” yubiley medallari bilan taqdirlandi. Ushbu mukofotlar YAFI direktori Ilhom Sadikov, professor Mannab Tashmetov, professor Sapar Baytelesov va professor Baxtiyor Qurbonovga topshirildi.
Anjuman yakunlari O‘zbekiston atom energiyasidan xavfsiz foydalanish va jahon darajasidagi mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy muloqot markaziga aylanayotganini ko‘rsatdi. “Yadro energetika va yadro texnologiyalarning zamonaviy muammolari” mavzusidagi XI xalqaro anjuman 13-16 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Anjuman dasturi doirasida plenar majlislar, Yadro fizika instituti hamda MMFI MTYAU Toshkent filialiga ekskursiyalar, madaniy tadbirlar va yosh olimlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.