Toshkentda "Markaziy Osiyo: Unumdorlikdan farovonlik sari. Mintaqaviy muloqot" forumi bo'lib o'tdi
Toshkentda "Markaziy Osiyo: Unumdorlikdan farovonlik sari. Mintaqaviy muloqot" forumi bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 25–26-mart kunlarida Toshkentda “Markaziy Osiyo: Unumdorlikdan farovonlik sari. Mintaqaviy muloqot” mavzusidagi xalqaro forumi o'tkazildi.
Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi. Tadbirda unumdorlikni oshirish, innovatsiyalarni joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish muhokama qilindi.
Germaniya hamkorligida 2026–2027-yillarga doir 3 million yevro grantli “Xususiy sektor rivojlantirish” loyihasi hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi bir qator hamkorlik kelishuvlari konsolidatsiya qilindi.
Forumda hamkorlik memorandumlari, tajriba almashish dasturlari hamda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida yuqori samaradorlikka erishilgan korxonalarning tajribalari tan olingan. Shuningdek, “Unumdorlik maktabdan boshlanadi” tanlovi g'oliblariga sayohat yo'llanmalar berilgan.
Tadbir doirasida Jizzax va Samarqandga biznes-tashriflar ham uyushtirildi. Mazkur forum mintaqadagi iqtisodiy taraqqiyot, unumdorlik hamda sanoat sohasidagi hamkorlikga qadamlar qo'shdi.Cocoon AI Summary
Joriy yilning 25–26-mart kunlari Toshkent shahridagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida ilk marotaba “Markaziy Osiyo: Unumdorlikdan farovonlik sari. Mintaqaviy muloqot” mavzusidagi xalqaro va mintaqaviy forum yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari, yetakchi xalqaro moliya institutlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar hamda ekspertlarni bir maydonga jamlab, unumdorlikni oshirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikka erishish masalalarini keng muhokama qilish imkonini berdi.
Forumning ochilish marosimida Osiyo unumdorlik tashkiloti Bosh kotibi Indra Pradana Singavinata, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benhassin, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) dastur menejeri Beate Shorayt nutq so‘zlab, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etish va inson kapitalini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Forum doirasida sun’iy intellektni iqtisodiyotga keng joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish orqali shaxs unumdorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat korxonalarida zamonaviy yechim va texnologiyalarni qo‘llash natijasida samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro va mahalliy tajribalar muhokama qilindi. Forum davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti va butun mintaqa taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega qator strategik kelishuvlarga erishildi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “Xususiy sektorni rivojlantirish va iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi ishga tushirilib, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 3 million yevro grant mablag‘lari ajratilishi belgilandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonidan milliy miqyosda samaradorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan Milliy unumdorlik markazini tashkil etish bo‘yicha qadamlar tashlangan taqdirda mazkur tashabbus GIZ tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.
Osiyo unumdorlik tashkiloti bilan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari imzolandi hamda Germaniyaning ilg‘or unumdorlik standartlarini mahalliy korxonalarga joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, forum davomida quyidagi hamkorlik kelishuvlari imzolandi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va tijorat vazirligi bilan hamkorlik, Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlik memorandumi, Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlik memorandumi;
Uzagrostar Holding hamda Germaniya unumdorlik markazi o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi sohasida Germaniya tajribasi asosida unumdorlikni oshirish bo‘yicha tajriba almashish dasturlarini tashkil etish, Germaniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Anglashuv memorandumi;
Uzagrostar Holding va Integration International Management Consultants kompaniyalari o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashda resurslardan samarali foydalanish hamda chiqindisiz ishlab chiqarish yo‘nalishida tajriba almashish dasturlari va treninglarni tashkil etishda hamkorlik qilish bo‘yicha Anglashuv memorandumi;
Koreya Respublikasi unumdorlik markazi bilan hamkorlik memorandumi hamda Germaniya iqtisodiyotining ratsionalizatsiya va innovatsiyalar markazi bilan unumdorlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Sanoat va texnologiyalar vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik dasturi hamda Markaziy Osiyoda unumdorlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, “Unumdorlik maktabdan boshlanadi” mavzusida o‘tkazilgan kreativ videoroliklar tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilarning innovatsion yondashuvlari rag‘batlantirildi. G‘oliblar Germaniya, Yaponiya hamda Turkiya davlatlariga sayohat yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdi.
Forum doirasida resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirishda yuqori natijalarga erishgan eng samarali korxonalar taqdirlandi. Ekologik menejment tizimlari bo‘yicha maxsus o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarga ISO:14001 xalqaro sertifikatlari topshirildi.
Mintaqaviy muloqot sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari vakillari amalga oshirilayotgan islohotlar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida yaqin muddatda xalqaro ekspertlarning hududlarga tashriflari tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlar uchun maxsus treninglar o‘tkazilishi rejalashtirildi.
Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun Jizzax va Samarqand viloyatlariga biznes-tashriflar uyushtirilib, hududlardagi ishlab chiqarish obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Xalqaro forum doirasida ishtirokchilar Jizzax viloyatida joylashgan bir qator yirik sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib, hududlarda unumdorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida quyidagi obyektlar faoliyati o‘rganildi:
· O‘zbek–Xitoy maxsus sanoat zonasi — qo‘shma loyihalar asosida tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlari va investitsion muhit;
· Artel zavodi — kir yuvish mashinalari va chang yutgichlar ishlab chiqarish jarayonlari, avtomatlashtirish darajasi;
· Deya Qandolat fabrikasi — zamonaviy qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish liniyalari;
· ADM Jizzax — avtomobil sanoati yo‘nalishidagi yirik ishlab chiqarish korxonasi.
Mazkur tashrif ishtirokchilarga ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda hududiy sanoat salohiyatini mustahkamlash borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish imkonini berdi.
Mazkur forum Markaziy Osiyoda unumdorlikni oshirish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.