Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi o‘z ishini boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 12-noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi o‘z ishini boshladi.
Majlisda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, yoshlar parlamentlari va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham tadbirda qatnashmoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ochib berdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva mintaqada ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirish, ularning salohiyatini namoyon etish va davlat boshqaruvidagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni taʼkidladi.
Jumladan, Markaziy Osiyoda ayollar rolining ortishi — nafaqat jamiyat taraqqiyoti, balki tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning kafolati ekani va ushbu Muloqot ayollar hamjihatligi va hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi. Har bir davlat delegatsiyasi rahbari o‘z kirish so‘zida majlis ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etish joizki, mazkur majlis joriy yilda 30 yilligi nishonlanayotgan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining ustuvor maqsadlarini amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur xalqaro hujjatlar ayollarning siyosiy ishtiroki, iqtisodiy mustaqilligi, taʼlim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga teng huquqli kirish, gender zo‘ravonlikni bartaraf etish va ekologik hamda iqlim siyosatida ayollarning rolini kuchaytirish kabi 12 ta muhim yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Muloqot majlisi doirasida 5 ta sessiya o‘tkaziladi hamda ishtirokchilar quyidagi asosiy masalalarni muhokama qiladi:
• qaror qabul qilish jarayonida ayollarning ishtiroki: huquqlar, imkoniyatlar va masʼuliyat;
• Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligi – iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlik manbai;
• ayollar salohiyatini oshirishda taʼlim va reproduktiv salomatlik siyosati;
• innovatsiyalar, ommaviy axborot vositalari va iqlim siyosatida ayollar ishtiroki: imkoniyatlar va to‘siqlar;
• xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish va huquqiy himoya.
Muloqot majlisi yakunida parlamentlararo tashabbuslar doirasidagi kelgusidagi harakatlar va hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan yakuniy hujjat qabul qilinadi, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, yillik monitoring va tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.