Toshkentda "Markaziy Osiyo - 2050" forsayt seminari boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda "Markaziy Osiyo - 2050: umumiy farovonlik va barqarorlik sari" mavzusida birinchi mintaqaviy forsayt-seminar bo‘lib o‘tmoqda. Seminar mintaqaning barcha beshta mamlakati - davlat organlari, tahliliy va tadqiqot markazlari vakillarini hamda mustaqil ekspertlarini birlashtirdi.
Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan ilgari surilgan ushbu tadbir O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Qozog'iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Forsayt-seminarda 2050 yilgacha boʼlgan demografiya, energetika, iqlim, suv, transport integratsiyasi va inson kapitali sohalaridagi prognozlar muhokama etiladi. Mintaqadagi mamlakatlar oʼrtasida sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov ta’kidlashicha, "Markaziy Osiyoda 83 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2030-yilga borib mintaqa aholisining 60 foizi shaharlarda yashaydi, bu esa ish o‘rinlari, infratuzilma, ta’lim va tibbiyotga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keladi.
Bu, shuningdek, davlatlarimiz aholisining sifatli turmush tarziga, xavfsiz muhitga va kelajakka bo‘lgan ishonchga talabi ortib borishini anglatadi”.
Eng dolzarb mavzulardan biri iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarishdir. Mintaqada o‘rtacha yillik harorat 1,2°C ga oshdi, muzliklar maydoni 30 foizga qisqardi, suv ta’minoti yiliga kishi boshiga 8,4 dan 2,5 ming kub metrgacha kamaydi va 2030-yilga kelib 1,7 ming kub metrdan pasayishi prognoz qilinmoqda. Seminar ekologiya va energetika masalalari, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oʻtish va parnik gazlari chiqishlarini kamaytirish borasida bir xil yondashuvlarni ishlab chiqish uchun platforma taqdim etdi.
Seminar davomida ishtirokchilar uchun ikkita ustuvor vazifa belgilab berildi: qaysi jarayonlar muqarrar, qaysilari ehtimoliy va qaysilari Markaziy Osiyo mamlakatlarining qo‘shma qarorlariga bog‘liqligini anglagan holda mintaqa kelajagining umumiy strategik ko‘rinishini shakllantirish; shuningdek, uzoq muddatli istiqbolda mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirishga tayyor bo‘lgan mutaxassislar, davlat xizmatchilari va tadqiqotchilardan iborat barqaror ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish.
Seminar doirasida Markaziy Osiyo kelajagi haqida esse yozish ochiq tanlovi ham e’lon qilindi. Tanlovga mintaqaning davlatlari yoshlari ishtiroki taklif etiladi. Eng yaxshi 100 ta esse yakuniy to‘plamda nashr etiladi. Batafsil ma'lumot uchun mampassi.org/centralasia2050 saytiga kiring. Ishlarni qabul qilish muddati – 2025-yil 15-iyungacha.
Birinchi mintaqaviy forsayt-seminarning o‘tkazilishi qo‘shma strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi uzoq muddatli muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
Muhokamalar yakunlari, ishlab chiqilgan g‘oyalar va ilgari surilgan tashabbuslar mintaqa davlatlari rahbarlarining bo‘lajak Maslahat uchrashuvi kun tartibini shakllantirishga hissa qo‘shadi, shuningdek, taraqqiyot, innovasiyalar va mintaqaviy integrasiya sohasida barqaror hamkorlik uchun asos yaratadi.
Kelgusida tegishli yo‘nalishlarda uzoq muddatli islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.