Toshkentda ilk bor Milliy texnik malakani baholash imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikatlar topshirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), KOICAning loyiha amalga oshiruvchi tashkiloti HRD Korea mutaxassislari hamda loyihaga aloqador mutaxassislar ishtirokida Milliy texnik malakani baholash (NTQ) imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonda kasbiy malakalar tizimini rivojlantirish va mahalliy mutaxassislarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ilk tashabbus sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jami 251 nafar nomzod (kasb-hunar markazlari talabalari, bitiruvchilari va kasbiy malakasini baholatishni ixtiyoriy tanlagan fuqarolar) imtihonlarda ishtirok etish uchun hujjat topshirdi. Ilk bosqichdagi nazariy imtihonni 90 nafar ishtirokchi muvaffaqiyatli topshirib, amaliyot imtihoniga yo‘llanma oldi. Ikkinchi bosqichni ham muvaffaqiyatli topshirgan 30 nafar nomzod Milliy texnik malaka sertifikatini olishga loyiq deb topildi.
Loyiha KOICA granti asosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmonining 146-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 maydagi 267-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Imtihonlar avtomobil taʼmiri, elektr va elektron tizimlar hamda payvandlash sohalarida o‘tkazildi.
KOICA va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida joriy etilgan ushbu tizim kasbiy taʼlim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘lanishni mustahkamlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda raqobatbardoshligini kuchaytirishga qaratilgan.
Loyiha kelgusi bosqichlarida Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazining faoliyatini kengaytirish, yangi kasblar bo‘yicha imtihonlar joriy etish rejalashtirilmoqda.
KOICA O‘zbekistonda sifatli kasbiy taʼlimni rivojlantirish va mehnat bozori raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan harakatlarini davom ettiradi.