Toshkentda Futszyan provinsiyasi bilan shartnomalar to‘plami imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtimizda Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan provinsiyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida investitsiyalar va savdo sohalariga oid qator hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Futszyan provinsiyasi XXRning iqtisodiy rivojlangan hududlaridan biridir. Viloyat yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda taxminan 800 milliard dollarni tashkil etdi.
Tadbir davomida Xitoyning Xiamen ITG Group, Fujian Xinwancheng Investment, Fujian Sitong Stone Company, Fuzhou Fuqiang Precision kabi yirik kompaniyalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 20 dan ortiq kelishuvlar imzolandi. Kelishuvlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Shuningdek, Xorijiy investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi va Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) tashkilotchilari oʻrtasida Oʻzbekistonga investorlarni jalb qilish va xorijiy kompaniyalar oʻrtasida yirik sarmoyaviy loyihalarni ilgari surish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.