Toshkentda Fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi
Toshkentda Fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning 1 dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yana-da rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni – “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berildi.
Taʼkidlash joiz, 2024 yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 124-sonli Prezident farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan.
Parlament aʼzolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etayotgan Haftalik dastlab, fuqarolik jamiyatining 1500 nafardan ortiq vakillarini jalb etgan holda respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilib, saralangan taklif va tashabbuslar asosida bugun poytaxtda start oldi.
Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi davr boshlandi.
2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilib, jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlab qo‘yildi.
Joriy yilda sohaga oid 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, birgina 2025 yil 21 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga daxldor 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2024 yil 26 avgustdagi Prezident farmoni Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlarning amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan yangicha tizimi yaratildi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etildi va Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Oliy Majlis Senatining 8 nafar aʼzosi va Qonunchilik Palatasining 8 nafar deputatidan iborat Parlament komissiyasi faoliyatini boshladi.
Xususan, joriy yildan boshlab, Parlament komissiyasi aʼzolari mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda aholi bilan muloqotlar tashkil etgan holda ijtimoiy soha va mahallalardagi aniq muammolarni o‘rganib, ularning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan davlat granti va ijtimoiy buyurtmasi tanlovlarini eʼlon qilish boshlandi.
Birgina joriy yilning o‘zida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ jalb qilindi.
Fuqarolik jamiyati institutlari muhim strategik hujjatlar, davlat dasturlari amalga oshirilishini monitoring qilish hamda bajarishda bevosita ishtirok etmoqda, hududlarda saqlanib qolayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarning manzilli va samarali yechimiga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Soha faoliyati samaradorligini oshirishda kadrlar salohiyati muhim o‘rin tutadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 2021-2025 yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarining 750 nafar xodimi malaka oshirdi.
Jurnalistlar o‘rtasida har yili anʼanaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya joriy etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha tizim yaratildi.
Haftalik doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari milliy forumi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muloqot, xalqaro konferensiya, aksiyalar, fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish maqsadida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shgan eng yaxshi davlat organi”ni taqdirlash marosimi kabi tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini moliyalashtirish maqsadida “Maqsadli loyihalar” aksiyasi o‘tkaziladi hamda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni qamrovini kengaytirish va amalga oshirish borasida o‘zoro fikrlar almashilinadi.
Tadbir ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, joriy yilning 5 dekabriga qadar davom etadigan haftalik davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tizimli tahlil qilish hamda davlat va jamiyatni yana-da rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish, istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqishda muhim maydon vazifasini bajarmoqda.