Toshkentda energiya samaradorligi bo'yicha "Yashil va qulay uy-joy" forumi bo'lib o'tdi
Toshkentda energiya samaradorligi bo'yicha "Yashil va qulay uy-joy" forumi bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi, Markaziy bank hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida “Yashil va qulay uy-joy” xalqaro forumi o‘tkazildi.
Tadbir uy-joy bozorini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor qurilish standartlarini joriy etish va ipotekani moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Forumning ochilish qismida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxadjayev kirish nutqi bilan qatnashchilarga murojaat qildi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki vakolatxonasi direktori Lao-Araya Kanokpan hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakolatxonasi direktori Andi Aranitasi forum ishtirokchilarini tabrikladi. Rasmiy qutlov nutqi O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Bosh ijrochi direktori Murodjon Farmanov tomonidan taqdim etildi.
Dastlabki sessiyada Umid Abidxadjayev so‘nggi yillarda uy-joy siyosatida amalga oshirilgan islohotlar, energiya samarador qurilishni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar hamda 2040-yilgacha uy-joylar hajmini ikki baravar oshirish va ipoteka kredit portfelini $56,7 milliardga yetkazish kabi strategik maqsadlarni bayon qildi. Shuningdek, sohada institutsional baza mustahkamlanayotgani va xalqaro hamkorlik faol rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida bir qator xalqaro kelishuvlar imzolandi:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi o‘rtasida — O‘zbekiston ipoteka bozorini rivojlantirish va uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan $40 millionlik kredit liniyasi bo‘yicha qarz shartnomasi;
Fransiya taraqqiyot agentligi va O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi o‘rtasida — mamlakatda uzoq muddatli ipoteka moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi moliyaviy hamkorlik bitimi;
Global yashil o‘sish instituti va Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida — yashil moliyalashtirish tizimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha anglashuv memorandumi;
BMT Taraqqiyot dasturi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi o‘rtasida — yashil iqtisodiyotga o‘tishda milliy emissiya savdo tizimi takomillashtirishga qaratilgan niyat bayonoti tasdiqlandi.
Imzolangan kelishuvlar O‘zbekistonda barqaror va uzoq muddatli “yashil” ipoteka tizimini shakllantirishning muhim bosqichidir.
Forumning plenar va panel sessiyalarida uy-joy bozoridagi global tendensiyalar, energiya tejamkor qurilishning samaradorligi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari va xalqaro ipoteka institutlari tajribasi yuzasidan keng qamrovli muhokamalar o‘tkazildi. Markaziy bank, OTB, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa tashkilotlar ekspertlari tomonidan ipoteka bozorining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.
Forum doirasida, shuningdek, ipoteka bozorini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan tijorat banklarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Taqdirlash jarayonida banklar “Eng faol”, “Eng kreativ” va “Eng mas’uliyatli hamkor” nominatsiyalari bo‘yicha e’tirof etildi.
“Yashil va qulay uy-joy” xalqaro forumi uy-joy bozorida shaffoflikni oshirish, aholiga sifatli va energiya samarador uy-joylar yaratish, shuningdek, iqtisodiyotning yashil transformatsiyasini jadallashtirishga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.