Toshkentda DXX guvohnomasini qalbakilashtirib, o‘zini maxsus xizmat xodimi sifatida ko‘rsatgan erkak qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida o‘tkazilgan qo‘shma tezkor tadbir paytida 32 yoshli fuqaro D.O.ni to‘xtatishdi. U o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirgan.
Oq rangli Lacetti avtomashinasi to‘xtatilganda, haydovchi inspektorlarga Davlat xavfsizlik xizmati nomi bilan qalbaki guvohnoma ko‘rsatib, o‘sha xizmat xodimi ekanini aytgan. Shu bilan birga, u go‘yoki yuqori lavozimda ishlaydigan “raxbar”ga qo‘ng‘iroq qilib, “mening ishimni qo‘yib yuborish” haqida “buyruq berishini” so‘ragan. Uning harakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarda shubha uyg‘otgan va tekshiruv natijasida guvohnoma soxta ekani, D.O.ning esa Davlat xavfsizlik xizmatiga hech qanday aloqasi yo‘qligi aniqlangan.
Tergov jarayonida maʼlum bo‘lishicha, ushbu shaxs avval sudlangan va turli vaqtlarda Prezident Administratsiyasi, vazirliklar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimi sifatida o‘zini tanishtirib, qalbaki hujjatlardan shaxsiy manfaati uchun foydalangan.
Sud majlisida u o‘z aybini to‘liq tan olgan va shunday degan:
«Men o‘zimni Prezident Administratsiyasidan Alisher aka Sulaymonov deb tanishtirardim. Keyin ularning jiyaniman, deb aytardim. Ishimni tezroq hal qilish uchun yordam so‘rardim. Bu juda noto‘g‘ri ish bo‘ldi. Davlat rahbaridan va xalqimdan uzr so‘rayman. Bu axmoqlik edi».
Sud qaroriga ko‘ra, D.O. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 3-qismida nazarda tutilgan (hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blanklarni tayyorlash, qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topildi va unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.