Valyuta kurslari 14/11/2025
$1 – 11985.10
UZS – 0,11%
€1 – 13923.09
UZS – 0,51%
₽1 – 148.86
UZS – 0,91%
Qidirish
Toshkentda CASCA+ yo'lagi mamlakatlari transport vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi

Toshkentda CASCA+ yo'lagi mamlakatlari transport vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi

Toshkentda CASCA+ yo'lagi mamlakatlari transport vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 12-noyabr kuni Toshkent shahrida "CASCA+" yo‘lagi bo‘ylab joylashgan mamlakatlar transport vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri I.Maxkamov, Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri A.Sirgabayev, Ozarbayjon raqamlashtirish va transport vaziri o‘rinbosari Dj.Gurbanov, Turkiya transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari U.Durmush va Turkmanistonning “Demiryollari” bosh direktori o‘rinbosari B.Sariyevlar ishtirok etdi.

Tadbirni Transport vaziri I.Maxkamov ochib, bugungi kunda Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo aloqalari xalqaro logistika tarmog‘ining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib shaklanganligini, o‘zgarib borayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida O‘rta koridor an’anaviy yo‘nalishlarga nisbatan talabi yuqori bo‘lgan muqobil yo‘nalishga aylanganligini ma’lum qildi.

"CASCA+" yo‘nalishi ochilganiga 6-yil bo‘lganligi, o‘tgan davr mobaynida transport yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilganligi, yuk tashish uchun 70 foizgacha tarif imtiyozlari taqdim etilganligi, tashishlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi natijasida "CASCA+" yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonning eksport va import yuk tashuvlari hajmi 2024-yilda sezilarli oshib, yuklar hajmi 1 million tonnaga yetganligini, bu 2019-yil ko‘rsatkichlaridan besh baravar ko‘p ekanligini ta’kidladi.

Statistik ma’lumotlarga asosan, yo‘nalish orqali 2019-yilda konteynerli blok-poyezdlarda yuk tashish hajmi 25 ta poyezdni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda blok-poyezdlar soni 3,3 baravar oshib, 83 taga yetdi. Joriy yil aprel oyida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasiga start berilganligi, loyiha yaqin 5-yil davomida yakunlanishi natijasida, yo‘nalish orqali yillik yuk tashish hajmi taxminan 15 million tonnaga yetishi kutilayotganligi ma’lum qilindi. 

Uchrashuvda mazkur loyihaning qurilishi yakunlaganidan so‘ng, "CASCA+" yo‘nalishi oqali qo‘shimcha hajmlarni o‘tkazish qobiliyati yetishmasligi ehtimoli yuqoriligi ta’kidlandi.

Jiddiy muammolardan yana biri Kaspiy dengizi sathining pasayib borishi natijasida kemalar faqat 65% ga yuklanishi, portlaridagi navbatlar 30 kungacha cho‘zilishi kuzatilayotganligi ma’lum qilindi. Shu bilan birga paromlarning yetishmasligi, ayrim temir yo‘l uchastkalar va portlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati chegaralanganligi va boshqa bir qator tashkiliy omillar bunga sabab bo‘lishi ma’lum qilindi.

Mazkur masalalarni hal etish va "Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston" loyihasini O‘rta yo‘lak bilan integratsiya qilishning aniq rejasini ishlab chiqish maqsadida transport vazirlari o‘rinbosarlari darajasida ishchi guruh tashkil etishni va Sharq-G‘arb yo‘nalishida uzluksiz transport harakatini tashkil etish bo‘yicha uzoq muddatli dasturni ishlab chiqish taklif etildi.

 "CASCA+" O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya temir yo‘llari ma’muriyatlari o‘rtasida xalqaro multimodal transport yo‘nalishi tashkil etish va rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan transport yo‘nalishi.

Yo‘nalish 2019-yil dekabr oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya tomonlari o‘rtasida Bayonnoma imzolash orqali tashkil etilgan, Turkiya tomoni mazkur yo‘nalishga 2021-yil dekabr oyida qo‘shildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling