Toshkentda binolarda energiya samaradorligini rivojlantirish bo'yicha muloqot bo'lib o'tdi
Toshkentda binolarda energiya samaradorligini rivojlantirish bo'yicha muloqot bo'lib o'tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida O‘zbekistonda energiya audit va ESCO bozori (Energetika xizmatlari kompaniyalari bozori) rivojiga bag‘ishlangan ko‘p tomonlama muloqot tashkil etildi.
Tadbirda davlat tashkilotlari, xususiy sektor, moliya institutlari hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, ijtimoiy bino-inshootlarining energiya samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori, Ziyovuddin Badriddinov nutq so‘zlab, mazkur muloqot mamlakatimizda energiya samaradorligi ekotizimini shakllantirish va ijtimoiy binolarni modernizatsiya qilishga investitsiyalarni jalb etishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman energiya samaradorligining mamlakat rivoji uchun strategik ahamiyatini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda bino-inshootlar umumiy energiya iste’molining qariyb 49 foizini va CO₂ chiqindilarining 22 foizini tashkil etadi. Shu sababli, mazkur sektor islohotlar uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Dastur doirasida O‘zbekistonda energiya auditorlarini sertifikatlash tizimi va ESCO bozori rivojlanishining hozirgi holati, shuningdek, jamoat binolarida energiya samaradorligi investitsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbirning ikkinchi qismida interaktiv ishchi sessiya muhokamalari tashkillashtirildi. Unda ishtirokchilar davlat idoralari, xususiy sektor, moliya institutlari va rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat guruhlarga bo‘linib, bozor rivojlanishini cheklayotgan asosiy me’yoriy, institutsional va moliyaviy to‘siqlarni aniqladilar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlarni taklif etdilar.
Mazkur muloqot, shuningdek, xalqaro tajribadan olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashish, jumladan Slovakiya Respublikasiga amalga oshirilgan o‘quv tashrifi natijalari bilan tanishish hamda manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma vazifasini o‘tadi.
Eng muhimi, ushbu tadbir uchrashuvlar turkumining birinchisi hisoblanib, manfaatdor tomonlar o‘rtasida doimiy muvofiqlashtirish, muammolarni birgalikda hal etish va barqaror hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan doimiy ko‘p tomonlama muloqot platformasining ishga tushirilganini anglatadi.
BMT Taraqqiyot Dasturi Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan birgalikda ushbu platformaning faol va natijador bo‘lishini ta’minlash, muhokamalar aniq amaliy harakatlar, hamkorlik va energiya samaradorligi yo’nalishida investitsion loyihalar soni va sifatini kuchaytirishnimaqsad qilgan.
Tadbir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Energiya auditi – O‘zbekistondagi jamoat binolarining energiya samaradorligi salohiyatini ochish” loyihasi doirasida tashkil etildi.