Toshkentda 400 mingdan ortiq daraxt raqamlashtirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Poytaxtda «Daraxtlar reyestri» loyihasi amalga oshirilishi davom etmoqda. Uning doirasida green.tashkent.uz onlayn-platformasiga 400 mingdan ziyod daraxt haqida maʼlumot kiritildi.
Elektron maʼlumotlar bazasi yashil hududlar haqida to‘liq axborotni o‘z ichiga oladi. Unda daraxt turi, yoshi, holati va boshqa xususiyatlari qayd etilgan. Barcha maʼlumotlar dendrolog mutaxassislar tomonidan qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi, bu esa maʼlumotning aniqligi va ishonchliligini taʼminlaydi.
Loyiha Zamin xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi — poytaxt daraxtlarining to‘liq inventarizatsiyasini o‘tkazish va yashil hududlarning raqamli xaritasini yaratishdan iborat.
Kutilayotganidek, elektron reyestr quyidagi yo‘nalishlarda muhim vositaga aylanadi: shaharsozlik rejalashtirishida, parvarish ishlari va yangi ko‘chat ekilgan hududlarni tashkil etishda, yashil hududlarning holati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashda, megapolisning tabiiy muhitini asrab-avaylash va tiklashda.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, loyihaning amalga oshirilishi shahar aholisi hayot sifatini sezilarli darajada oshirishga, ekologik vaziyatni yaxshilashga va poytaxtda ko‘kalamzorlashtirish jarayonini yana-da ochiq va samarali qilishga xizmat qiladi.