Toshkentda 36th RCCI International Achievement Awards mukofotlari topshirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida “36th RCCI International Achievement Awards” mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ISSV rahbari Laziz Kudratov ishtirok etdi.
Farmatsevtika, qurilish, IT, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, turizm, eksport va import kabi sohalarda muvaffaqiyatga erishgan kompaniyalar taqdirlandi. G‘oliblar orasida O‘zbekiston va Pokiston biznes vakillari ham bor.
Har yili Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladigan mazkur mukofot nominatsiyalari orasida “Yil tadbirkori”, “Yil kompaniyasi”, “Yil eksportchisi”, “Innovatsiya va texnologiya mukofoti” kabi yo‘nalishlar mavjud.
Shu kuni ISSV hamda O‘zbekiston va Ravalpindi savdo-sanoat palatalari hamkorligida biznes imkoniyatlariga bag‘ishlangan konferensiya va O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi o‘tkazildi.
Forumning maqsadi - ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Unda ikki mamlakatdan 300 ga yaqin biznes vakillari ishtirok etdi.
B2B uchrashuvlar davomida farmatsevtika, IT, turizm, qurilish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi. Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi bevosita aloqalarni o‘rnatish va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘ldi.