Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro millatlararo adovat qo‘zg‘atgani uchun 3 yilga hukm qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy sud internet orqali O‘zbekiston fuqarolarini haqorat qilgan shaxsga nisbatan hukm chiqarilganini maʼlum qildi.
Nurafshon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi qaroriga ko‘ra, V.D. (1999 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati) Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) va 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) bo‘yicha aybdor deb topildi hamda 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.
Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Hukm taraflariga qonun bilan belgilangan tartibda Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish, shuningdek birinchi instansiya hukmiga nisbatan protest kiritish huquqi tushuntirildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Abdullox” taxallusi bilan tanilgan bloger Valeriy Yugay 2024 yil oktyabr–noyabr oylarida Janubiy Koreyada aholi eʼtiborini tortish va auditoriyasini kengaytirish maqsadida videolar tayyorlagan. Mazkur videolar huquqni muhofaza qiluvchi organlar eʼtiboriga tushgach, Yugayga nisbatan xalqaro qidiruv eʼlon qilindi. 2025 yil mart oyida u Abu-Dabida qo‘lga olindi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Tergov jarayonida bloger o‘z aybini to‘liq tan oldi va hamyurtalari oldida uzr so‘radi.