Toshkent viloyatida qariyb 5 kg giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Giyohvandlik – jahon hamjamiyati oldida turgan eng katta muammolardan biri bo‘lib, u nafaqat inson salomatligiga, balki mamlakat istiqboliga ham jiddiy zarar yetkazadi.
Afsuski, bugun dunyoda giyohvand moddalar isteʼmol qiluvchilar sonining tobora ortib borishi, narkosavdogarlar tegirmoniga suv quymoqda.
O‘zgalar hayotini zaharlash orqali boylik orttirishni maqsad qilgan bu toifa odamlar qonun oldida javob berishlari muqarrar.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Xususan, Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan o‘tuvchi Toshkent katta xalqa avtomobil yo‘liga yaqin bo‘lgan xufiya joyga muqaddam narkokureʼrlar tomonidan qoldirib ketilgan, jami 10 dona o‘ramdagi 4 kg 956 gr “opiy” moddasi xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu ajal og‘usi egalarining shaxsini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, bu turdagi giyohvandlik vositalari mamlakatimizga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinadi.