Toshkent viloyatida ommaviy zaharlanishdan jabrlangan bolalar soni 1940 nafarga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida salkam 2 ming nafar bola nomaʼlum ozuqadan zaharlangan. Ularning 21 nafari oʻrta ogʻir ahvolda qolmoqda. “Daryo” jurnalisti Boʻka hamda Piskent tumanlarida boʻlib, vaziyatni oʻrgandi.
“Daryo” jurnalistining surishtiruvlaridan maʼlum boʻlishicha, 26-sentyabr kuni soat 10:00 holatiga koʻra, 1940 nafar bogʻcha bolasi zaharlanish bilan bogʻliq holatdan shikoyat qilib, shifoxonaga murojaat qilgan.
Ovqatdan zaharlangani aytilayotgan bolalarning 1110 nafariga tibbiy yordam koʻrsatilgach, ahvoli yaxshilangani bois 26-sentyabr kuni soat 10:00 ga qadar uyiga javob berilgan. 21 nafari esa oʻrta ogʻir ahvolda qolmoqda. 809 nafari yengil ahvolda, holati yaxshi deyilmoqda.
Oqqoʻrgʻon tumanidagi bogʻchalarning 413 nafar tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilib shifoxonaga murojaat qilgan boʻlsa, Boʻka tumanida bu koʻrsatkich 537 nafarni tashkil qilgan.
430 nafar piskentlik bola ogʻriqdan aziyat chekib, shifokorga murojaat qilgan boʻlsa, Quyi Chirchiq tumanida 64 nafar, Bekobod tumanida 98 nafar, Olmaliq shahrida 285 nafar hamda Nurafshon shahrida 113 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.