Valyuta kurslari 16/10/2025
$1 – 12233.67
UZS – 0,4%
€1 – 14233.88
UZS – 1,08%
₽1 – 154.84
UZS – 1,48%
Qidirish
Toshkent viloyatida Malayziyadan keltirilgan intellektual qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishga bag‘ishlangan sayyor seminar bo‘lib o‘tdi

Toshkent viloyatida Malayziyadan keltirilgan intellektual qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishga bag‘ishlangan sayyor seminar bo‘lib o‘tdi

Toshkent viloyatida Malayziyadan keltirilgan intellektual qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanishga bag‘ishlangan sayyor seminar bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion yondashuvlar va ilg‘or xorijiy texnologiyalar tobora keng miqyosda joriy etilmoqda.Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan dala seminari buning yaqqol isbotidir.

Unda Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan AGV turidagi aqlli texnika — “RACE Alpha 350” haydovchisiz boshqaruv vositasi dala sharoitida sinovdan o‘tkazildi va keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Mazkur texnika O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning samarali natijasi bo‘lib, joriy yilning fevral oyida Malayziya davlatiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolangan bitimlar doirasida tatbiq etilmoqda.

Unga ko‘ra, “Meraque Group” kompaniyasi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli texnikalar va dronlarni mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.

Bugungi kunda ushbu kelishuvlarning amaliy bosqichlari izchil davom etmoqda. Xususan, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda aqlli texnikalar va dronlar bilan ishlovchi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturi yaratish ishlari olib borilmoqda.

Amaliy hamkorlikning natijasi sifatida o‘tkazilgan bugungi dala seminari ham ana shu yo‘nalishdagi yutuqlarning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbirda vazirlik vakillari, ilmiy xodimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, bog‘bonlar, dehqonlar hamda soha mutasassislari ishtirok etdilar.

Malayziya mutaxassislari tomonidan “RACE Alpha 350” texnik vositasi amalda sinovdan o‘tkazildi. Qurilma sun’iy intellekt, aniq navigatsiya tizimi va samarali purkagich bilan jihozlangan bo‘lib, dala ishlarida inson omilini kamaytiradi va mehnat unumdorligini bir necha barobarga oshiradi. Eng e’tiborlisi, texnika 10 gektar maydonda ishlash uchun atigi 3 litr benzin sarflaydi. Barcha jarayonlar maxsus mobil ilova orqali boshqariladi — bu esa o‘g‘it, yoqilg‘i va vaqtni tejash imkonini beradi.

Seminar ishtirokchilari — olimlar, fermerlar va talabalar bunday aqlli texnikalar O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llanishi mumkinligini e’tirof etdilar. Ularning ta’kidlashicha, bu kabi texnologiyalar ekologik barqarorlikni ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbir davomida o‘zbek olimlari tomonidan ishlab chiqilgan mahalliy innovatsion ishlanmalar ham namoyish qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling