Toshkent viloyatida alkogol mahsulotlarni reklama qilgan kompaniya jarimaga tortildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlarida hamda tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan reklama materiallarining reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan tizimli ravishda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari natijasida, viloyatda faoliyat olib boruvchi “LUTFILLA FAYZ” MCHJ tomonidan alkogol vositalari reklamasini qo‘yish holatlari aniqlandi. Bu esa “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga asosan, har qanday quvvatdagi alkogol mahsulotlarining reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq “LUTFILLA FAYZ” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.