Toshkent viloyati Xitoy bilan kasb-hunar ta'limi sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Toshkent viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Nasiba Kulbekova boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Jilin shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Safar doirasida Bekobod politexnikumi va Shimoliy-Sharqiy Elektr Energetikasi Universiteti (NEEPU) o‘rtasida sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar yo‘nalishida hamkorlik, bilim va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida N. Kulbekova va universitet rektori Cai Guowei hamkorlik memorandumini imzoladilar. Hujjat energetika, qayta tiklanuvchi energiya, “aqlli” texnologiyalar, sun’iy intellekt va akademik mobillik dasturi doirasida talaba hamda professor-o‘qituvchilar almashuvini nazarda tutadi.
Mazkur memorandum Toshkent viloyatidagi kasbiy ta’lim tizimida ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish va ilmiy-texnik salohiyatni oshirishda muhim ahamiyatga ega.