Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlari bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlari bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius yordamchisi, 1980 y.t. rieltor va 1996 y.t. shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirishadi.
Ular Chirchiq shahrida joylashgan va ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MCHJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini fuqaroga 6 mln 800 ming AQSH dollariga sotish hamda ushbu hududga elektr, gaz taʼminoti, oqova suv yo‘llarini o‘tkazish uchun texnik shart va ruxsatnomalar, shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga 500 ming AQSH dollari, jami 7 mln 300 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 160 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro 2022 yilning oktyabr oyida maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi qurish maqsadida Yashnobod tumanida joylashgan 80 m² yer maydonini “E-auksion” dasturi orqali yutib, 49 yil muddatga ijaraga oladi.
Ammo, turli sabablarga ko‘ra, qurilish ishlari to‘xtab qolib, yer maydonidan uzoq muddat davomida foydalanilmaganligi bois, 2025 yilning sentyabr oyida Yashnobod tumani hokimligi tomonidan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish bo‘yicha fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritiladi.
Lekin, tadbirkor tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilgach, sud uning foydasiga hal qiluv qarori qabul qiladi.
Sud jarayonlarida davogar sifatida qatnashgan Yashnobod tumani hokimligi bosh yuristkonsulti esa o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslik evaziga tadbirkordan 5 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokimlik bosh yuristkonsulti tamagirlik yo‘li bilan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.