Toshkent viloyati va Polsha iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent viloyati va Polsha iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati Polsha Respublikasi bilan xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda
Prezidentimiz raisligida 2026-yil 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatida amaliy harakatlar davom etmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Varshava shahridagi elchixonasi ko‘magida Toshkent viloyati hokimining yordamchisi Dilshod Rasulovning Polsha Respublikasiga safari tashkil etildi.
Safar doirasida Polsha Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy markazi (Krajowy Ośrodek Wsparcia Rolnictwa – KOWR) bosh direktori o‘rinbosari Lusian Zvolak bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar 2025-yil 26–28-noyabr kunlari Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloqni rivojlantirish vaziri S.Krayevski boshchiligidagi hamda KOWR bosh direktori X.Smolarj ishtirokidagi biznes delegatsiyaning O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifini yuqori baholadilar.
Uchrashuvda mazkur tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish, saqlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, agrosanoat sohasida kooperatsiyani chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda logistika zanjirlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Safar davomida KOWR tasarrufidagi Lodzь voyevodaligi Regnuv gminasi hududida O‘zbekiston uchun ajratilgan logistika markazi (xab)ning amaliy imkoniyatlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Mazkur infratuzilma O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga tezkor va samarali yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Safar doirasida, shuningdek, Podkarpat voyevodligida faoliyat yurituvchi nufuzli “Impel Group”, “Liderzy Nieruchomosci”, “Dreyzac”, “Brigante”, “Yoshi Innovation” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda investisiya uchun ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, mamlakatning olis hududlarida gazdan barqaror elektroenergiya ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy tibbiy klinikalarni barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlash, investisiya loyihalarini joyida o‘rganish hamda aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida 2026-yil fevral oyida Polsha kompaniyalarining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur tashrif doirasidagi uchrashuv va muloqotlar hududlar darajasida aniq iqtisodiy loyihalarni shakllantirish hamda tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishda yana bir muhim qadamdir.