Valyuta kurslari 13/11/2025
$1 – 11972.35
UZS – -0,15%
€1 – 13852.01
UZS – -0,1%
₽1 – 147.52
UZS – -0,02%
Qidirish
Toshkent viloyati va Gollivud hamkorlik memorandumini imzoladilar

Toshkent viloyati va Gollivud hamkorlik memorandumini imzoladilar

Toshkent viloyati va Gollivud hamkorlik memorandumini imzoladilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlarida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. 

Safar dasturidan o‘rin olgan tadbirlar doirasida Toshkent viloyati va Florida shtatining Gollivud shahri o‘rtasida biznes-forum tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Gollivud shahri meri Josh Levi, Gollivud shahar rahbariyati, hudud savdo-sanoat palatasi mutasaddilari, ikki hudud ishbilarmon doira vakillari, yirik biznes egalari hamda investorlar va har ikki tomonning sohalar bo‘yicha mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.

Forum avvalida Gollivud meri Josh Levi Toshkent viloyati delegatsiyasining AQSHga tashrifi bilan samimiy qutladi. Shundan so‘ng, ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, Gollivud shahrining iqtisodiy va turistik salohiyati, mehmonxona, xizmat ko‘rsatish, transport, logistika va kichik biznesni rivojlantirish borasidagi tajribalari, qolaversa, Florida Shtatining agrosanoatda erishgan natijalari xususida batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lumki, Florida AQSHning eng yirik va iqtisodiy jihatdan faol hududlaridan biri bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. 2024 yil holatiga ko‘ra, shtat yalpi ichki mahsuloti nominal qiymatlarda 1,7 trillion dollardan ortiq bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSHda 4-o‘rinni egallaydi. Gollivud shahri esa Florida shtatining zamonaviy kurort va iqtisodiy markazlaridan hisoblanadi.

Zoyir Mirzayev delegatsiya nomidan minnatdorlik izhor etib, keyingi yillarda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar faol rivojlanayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi ikki oy ichida AQSHga ikki marotaba rasmiy tashrif buyurgani buning yaqqol tasdig‘i ekani, mintaqalar darajasidagi hamkorlik bu jarayonda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, mazkur biznes-forum nafaqat Toshkent viloyati va Gollivud shahri, balki har ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyati, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizm sohalaridagi imkoniyatlar, viloyatda amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda sanoat zonalari haqida taqdimot qilinib, maxsus rolik namoyish etildi.

Forum doirasida tashkil etilgan Toshkent viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham barchada katta taassurot qoldirdi. 

Gollivud shahri bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida yaqin fursatlarda Toshkent viloyatida “Gollivud haftaligi”ni, Gollivud shahrida esa “Toshkent viloyati kunlari”ni o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Ikki mintaqa o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi memorandum imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling