Toshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasida sanoat va investitsiya hamkorligi kengaymoqda
Toshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasida sanoat va investitsiya hamkorligi kengaymoqdaToshkent viloyati va Boshqirdiston o‘rtasida sanoat va investitsiya hamkorligi kengaymoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Boshqirdiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat, energetika va innovatsiyalar vaziri Aleksandr Sheldyaevni qabul qildi.
Rossiya Federatsiyasi vakili uchrashuv chog‘ida Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirovning samimiy salom va minnatdorlik so‘zlarini yetkazdi hamda Toshkent viloyatining sanoat va investitsiya salohiyatini yuksak baholadi.
Bosh vazir o'rinbosari Aleksandr Sheldyaev “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ imkoniyatlariga alohida to‘xtalib, avtomobil ehtiyot qismlari va boshqa sanoat tovarlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar tashkil etish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.
Shuningdek, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish sohasiga investitsiya kiritish, Rossiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari tajribasidan keng foydalanish istagini bildirdi.
Aleksandr Sheldyaev, shuningdek, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, olimlar va talabalar o‘rtasida almashinuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar berdi hamda O‘zbekiston yoshlarini Boshqirdistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga taklif etdi.
Zoyir Mirzayev viloyatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish bilan shug‘ullanayotgan korxonalar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Rossiya mutaxassislarini viloyatimizda dori-darmon ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan shifobaxsh o‘simliklar va asal yetishtirish bilan shug‘ullanishga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar biznes haftalarini birgalikda o‘tkazish, hamda Toshkent viloyati va Boshqirdiston Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida muntazam uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.