Toshkent viloyati Pokiston bilan go'sht eksportini rivojlantirmoqd
Toshkent viloyati Pokiston bilan go'sht eksportini rivojlantirmoqd
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Pokistonning go‘shtni qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalaridan biri Zenith Associates kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Kompaniya asosan, yuqori sifatli go‘sht mahsulotlarini xalqaro sanitariya-gigiyena talablari va «Halol» standartlari asosida tayyorlab, ularni jahon bozorlariga eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya mahsulotlari yirik savdo tarmoqlari hamda oziq-ovqat sanoati korxonalariga B2B formatda yetkazib beriladi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, zamonaviy uslubda go‘shtni qayta ishlash va qadoqlash loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Toshkent viloyatida chorvachilik salohiyati, investitsiyaviy muhit, xorijlik tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda 150 ming gektardan ortiq chorvachilik uchun mo‘ljallangan oziqa yer maydonlari mavjud bo‘lib, shuning 50 ming gektari sug‘oriladigan yerlar sifatida ajratilgan. Shu bilan birga, hududda yiliga 200–230 ming tonna atrofida go‘sht yetishtiriladi va har yili qariyb 10 ming bosh naslli chorva mollari import qilinadi.
Shundan kelib chiqib, Toshkent viloyatida sifatli va xalol standartlarga to‘liq javob beradigan zamonaviy qurbonxonalar hamda go‘shtni qayta ishlashga ixtisoslashgan chorvachilik kompleksini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Zenith Associates kompaniyasi vakillari esa, bu taklifga qiziqish bildirdi va hamkorlik o‘rnatishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Uchrashuvdan so‘ng, viloyatimiz delegatsiyasi kompaniya faoliyati, chorva mollarini yetishtirish, go‘shtni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnologiyalari bilan tanishtirildi.