Toshkent viloyati Janubiy Koreya bilan birgalikda yashil energiyani rivojlantirmoqda

Toshkent viloyati Janubiy Koreya bilan birgalikda yashil energiyani rivojlantirmoqda

Toshkent viloyati Janubiy Koreya bilan birgalikda yashil energiyani rivojlantirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Janubiy Koreyaning “Enersolar Group” kompaniyasi vakillari hamda Koreya Respublikasi Prezidentining faxriy maslahatchisi, Koreyalararo tinchlik konferensiyasi raisi Li Xe Xak bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv davomida tomonlar “yashil” energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Toshkent viloyatidagi ijtimoiy ta’minot muassasalari hamda etnik koreyslar istiqomat qiladigan ehtiyojmand hududlarda quyosh energetikasi tizimlarini bepul o‘rnatish loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Mazkur tashabbus doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi. 

Dastavval viloyat hokimi, mamlakatimizda “yashil” energetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda ushbu yo‘nalishda ochilayotgan yangi imkoniyatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, “Enersolar Group” kompaniyasi vakillari tomonidan yuqori samarali quyosh energetikasi uskunalari yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Unda zamonaviy quyosh panellarining yuqori energiya samaradorligi, uzoq muddat xizmat qilishi, turli iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi hamda iqtisodiy jihatdan samaradorligi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tomonlar kelgusida nafaqat uskunalarni o‘rnatish, balki ularning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqish masalasini ham muhokama qildilar. 

Zoyir Mirzayev o‘z navbatida, bugungi kunda O‘zbekistonda energetika sohasida servis xizmatlarini rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shu bois, investorlar bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda zamonaviy bilim va tajribalarni joriy etish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, “yashil” energetika loyihalarini kengaytirish hamda hududlarda ijtimoiy infratuzilmani mustahkamlash borasida kelishuvga erishdilar

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling