Valyuta kurslari 29/08/2025
$1 – 12482.38
UZS – 0,56%
€1 – 14540.72
UZS – 1,07%
₽1 – 155.23
UZS – 0,62%
Qidirish
O‘zbekiston 28/08/2025 Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati odimlari tomonidan Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, internet tarmog‘i orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning faol aʼzosi qo‘lga olindi.

Xususan, oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 2002 y.t. shaxs o‘zining “Spark” rusumli avtomashinasida narkoguruh tashkilotchilari tomonidan berilgan topshiriqqa ko‘ra, Toshkent tumaniga borib, muqaddam narkokuryerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan 4 kg 300 gr “alfa-PVP” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs Toshkent shahridagi xususiy oliy taʼlim muassasasining 3-kurs talabasi hisoblanadi.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Hozirda, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash va tergovga jalb qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbirlari doirasida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. fuqaro o‘z akasining nomida bo‘lgan, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning 20 sotix yer maydonida juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari yetishtirish bilan shug‘ullanayotganligi to‘g‘risida maʼlumot olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur yer maydonidan jami 247 tup kannabis o‘simligi va 27 kg 708 gr marixuana ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bo‘ka-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yashovchi, 1970 y.t., sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatildi.

Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda – 1975 y.t. Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi va Bo‘ka tumanida yashovchi, 1989 y.t. shaxs ketayotganligi maʼlum bo‘lib, mashinaning orqa o‘rindig‘i ortida 979 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan Bekobod tumanida yashovchi, 1989 y.t. va 2001 y.t. 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan ham 437 gr “gashish” moddasi olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiobod MFYda istiqomat qiluvchi, 1988 y.t., muqaddam sudlangan shaxs va “Birlik” mahallasida yashovchi, 1996 y.t. fuqaro qo‘lga olinib, ulardan 976 gr marixuana olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling