Toshkent shahrida sanoat korxonalarida ekologik reydlar davom etmoqda
Toshkent shahrida sanoat korxonalarida ekologik reydlar davom etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi rahbarligidagi Maxsus komissiya atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalarida ekologik reydlarni davom ettirmoqda.
Navbatdagi tekshiruvlar 13 yanvar kuni Toshkent shahrining Yangixayot va Sergeli tumanlaridagi sanoat hududlarida o‘tkazildi.
Sergeli tumanida komissiya payvandlangan quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan V. L. Galparin nomidagi Toshkent quvur zavodi faoliyatini tekshirdi. Ushbu korxona atrof-muhitga yuqori darajada taʼsir ko‘rsatuvchi obyektlar toifasiga kiradi.
Yangixayot tumanida, Janubiy sanoat zonasi hududida ekologiyaga yuqori xavf tug‘diruvchi korxonalar qatoriga kiruvchi “O‘zvtorsvetmet” aksiyadorlik jamiyatida ham tekshiruv o‘tkazildi. Mazkur obyektda 2025 yil oktyabr oyida ham tekshiruv amalga oshirilgan bo‘lib, uning yakunlariga ko‘ra bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan edi.
Maxsus komissiya qarori va Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining ko‘rsatmasiga muvofiq, korxonani ishlab chiqarish faoliyatini Yangixayot tumanida to‘xtatgan holda boshqa hududga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eskirgan va ekologik jihatdan xavfli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi, korxona esa boshqa hududda texnologik jihatdan zamonaviy va ekologik xavfsiz uskunalarda faoliyatini davom ettiradi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish atmosferaga taxminan 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldini oladi va bu Yangixayot tumanida havo sifatiga sezilarli ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Shuningdek, Janubiy sanoat zonasida metall chiqindilarini saralash va presslash bilan shug‘ullanuvchi «Ikkilamchi qora metallar» korxonasining Toshkent filiali faoliyati ham tekshirildi. Ushbu obyekt atrof-muhitga o‘rtacha darajada taʼsir ko‘rsatuvchi korxonalar toifasiga kiradi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, barcha korxonalarga tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Poytaxtning sanoat hududlarida ekologik nazorat davom ettirilmoqda, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish esa tegishli organlar tomonidan alohida nazoratga olingan.