Toshkent shahrida O‘zbekiston–Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida O‘zbekiston–Rossiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 3 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 26-yig‘ilishi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida O‘zbekiston–Rossiya biznes-forumi o‘tkazildi.
Tadbirda ikki mamlakatdan raqamli texnologiyalar, transport, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, farmatsevtika va kimyo sohalarida faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Rossiya Federatsiyasi Hukumat Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, bir qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etib, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish, qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov forumda so‘zga chiqib, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va biznes aloqalarni institutsional darajada mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, bir qator istiqbolli loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston–Rossiya biznes-forumi ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida amaliy muloqotni yangi bosqichga olib chiqib, iqtisodiy sheriklikni yana-da mustahkamladi.