Toshkent shahrida aniqlangan narkolaboratoriyadan katta miqdorda giyohvand moddalar va prekursorlar olindi
Toshkent shahrida aniqlangan narkolaboratoriyadan katta miqdorda giyohvand moddalar va prekursorlar olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1979 y.t. shaxs poytaxt hududining turli manzillaridagi ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga va boshqa joylarga xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalarini berkitib ketayotganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.
Uning yoni va avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 15 dona kichik bo‘laklarda “Alʼfa PVP” va 24 dona bo‘laklarda “Mefedron” giyohvandlik vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida, uning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilib, uyning yerto‘lasida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlandi.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida, qonunbuzarning yonidan va uyidan jami 2,8 kg giyohvand moddalar hamda 11,5 litr prekursorlar, shuningdek, narkolaboratoriya uchun zarur bo‘lgan anjomlar va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, uning telefonida bo‘lgan geolokatsiya yordamida, muqaddam Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan, sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan 49,9 kg va 48 litr prekursorlar olindi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq hodisalar haqida 1520 qisqa raqamiga xabar berishni eslatadi. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.