Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Yashnobod tumanida yashovchi, 1999 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 276-moddasi bilan sudlangan shaxs va Toshkent viloyatining Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 2006 y.t. fuqaro qo‘lga olinib, ulardan 507 dona “Pregabalin” va 52 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxslar tomonidan ijaraga olingan xonadon ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ular ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etganliklari aniqlanib, 4 kg 326 gr kukun ko‘rinishidagi “Pregabalin” moddasi, 200 gr “Tropikamid” va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan 71 kg kimyoviy moddalar, shuningdek, ularni qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan flakon va kapsulalar hujjatlashtirib olindi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu yoshlar narkolaboratoriya tashkil etishlari bilanoq qo‘lga olinib, sotish maqsadida qo‘lbola usulda tayyorlagan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni lokatsiyalar orqali mijozlarga tarqatishga ulgurishmadi. Bu bilan 208 ming dona bir marotabalik dozani aholi orasida tarqatilishining oldi olindi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 251¹-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bunday noqonuniy harakatlar sodir etgan shaxslar yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Boshqa holatda esa Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasidan olib kelingan juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasi to‘xtatib qolindi.
Xususan, Termez tumanida yashovchi, 1968 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi “Bekobod-avto” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida tekshirildi.
O‘tkazilgan tekshiruv davomida avtomashinaning yoqilg‘i baki ichiga ustamonlik bilan yashirib qo‘yilgan jami 30 kg.dan ortiq “opiy” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.