Toshkent shahri Chilonzor tumanida yuk avtomobili ishtirokidagi YTHda 21 yoshli kuryer halok bo‘ldi
Toshkent shahri Chilonzor tumanida yuk avtomobili ishtirokidagi YTHda 21 yoshli kuryer halok bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Fojia qurboni yetkazib berish xizmatida ishlagan 21 yoshli kuryer bo‘ldi.
Toshkent shahar IIBB YHXB maʼlumotiga ko‘ra, hodisa 15 fevral kuni soat 18:00 atrofida Toshkent halqa avtomobil yo‘li va Chorbog‘ ko‘chasi kesishmasida yuz bergan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan HOWO rusumli yuk avtomobilini boshqargan 57 yoshli haydovchi velosipedchini urib yuborgan.
Olingan tan jarohatlari oqibatida yosh yigit voqea joyida vafot etgan.
Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — harakat xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, sodir bo‘lgan voqeaning barcha holatlari aniqlanmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yana bir bor harakat ishtirokchilarini hushyorlikka chaqirdi.
Haydovchilarga tezlik rejimiga qatʼiy rioya qilish va ayniqsa kechki vaqtlarda yo‘l qatnov qismida velosipedchilar borligini inobatga olish tavsiya etildi.