Toshkent shahar IIBBning 2 nafar tezkor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahar IIBBning 2 nafar tezkor xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘z xizmat mavqeilarini suiistemol qilgan holda, shaxsiy boylik orttirishni rejalashtirgan Toshkent shahar IIBB 2 nafar tezkor vakilining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi katta tezkor vakili bilan kelishgan holda, Olmazor tumanida yashovchi, 1982 y.t. fuqaroning yonidan 3 gr “gashish” moddasi topilganligi holati yuzasidan o‘zining ish yurituvida bo‘lgan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari doirasida gumondorni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2200 AQSH dollari talab qilib, muqaddam 1000 AQSH dollari oladi.
Ammo, u qolgan 1200 AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB JQB katta tezkor vakili ham protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur katta tezkor vakillarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.