Toshkent Navroʻzni kutib oldi: poytaxt bahor bayramlari markaziga aylandi
Toshkent Navroʻzni kutib oldi: poytaxt bahor bayramlari markaziga aylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bu yil Navro‘z bayrami Toshkent shahrida ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Poytaxt bahor bayrami maskaniga aylanib, shahar aholisi va mehmonlarini milliy an’analar, boy madaniy dasturlar hamda bahorning iliq va samimiy muhiti bilan qarshi olmoqda.
Bayram tadbirlari shaharning bir nechta asosiy hududlarini qamrab olgan. Markaziy maskan sifatida “O‘zbekiston ovozi” turistik ko‘chasi bo‘lib, aynan shu yerda asosiy bayram dasturlari tashkil etilmoqda. Mehmonlar milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishib, umumxalq sayillarida faol ishtirok etmoqda. 2 kun davomida tadbirga 50 ming nafardan ortiq aholi va mehmonlar tashrif buyurdi. Bayram maydonchasining o‘zida bir vaqtning o‘zida 6 ming nafardan ziyod kishi jam bo‘ldi.
Shuningdek, bayramona kayfiyat Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik hududda ham hukm surmoqda. Bu yerda milliy taomlarning boy xilma-xilligi keng namoyish etilmoqda. “Navro‘z” etnoparki esa mehmonlarni o‘z bag‘riga chorlab, xalq urf-odatlari, hunarmandchilik an’analari va boy madaniy merosni aks ettiruvchi rang-barang dasturlarni taqdim etmoqda. Al-Xorazmiy nomidagi turistik ko‘chada ham turli bayram tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
Navro‘z shodiyonasi faqat markaziy hududlar bilan cheklanib qolmay, umumxalq sayillari deyarli barcha tumanlarda keng nishonlanmoqda. Bayram dasturlari ochiq maydonlar, istirohat bog‘lari va jamoat maskanlarida tashkil etilib, xususan Coca-Cola Park, Central Park hamda Tashkent City Park kabi maskanlarda yanada jonli tus olmoqda.
Bayram dasturi rang-barang va mazmunan boy. Mehmonlar milliy taomlar va bahoriy ne’matlardan bahramand bo‘lib, sumalak, halim, somsa va osh tayyorlanish jarayonlarini bevosita kuzatmoqda hamda ularni tatib ko‘rmoqda. Shu bilan birga, taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari bayramona kayfiyatni yanada ko‘tarib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni tuhfa etmoqda.
Bundan tashqari, hunarmandchilik va amaliy san’at ko‘rgazmalari tashkil etilib, unda ustalar o‘ziga xos va noyob mahsulotlarini namoyish qilmoqda. Mehmonlar milliy o‘yinlarda ishtirok etib, turli xalq tomoshalari va qiziqarli musobaqalarning guvohiga aylanmoqda.
Navro‘z Toshkent shahrida nafaqat bayram, balki milliy qadriyatlar, boy madaniyat va zamonaviy hayot uyg‘unligini aks ettiruvchi yirik madaniy hodisa sifatida o‘tmoqda. Bu kunlarda poytaxt bahor, yangilanish va birlik ruhi bilan yashamoqda.