Toshkent metrosida kassalar avtomatlarga almashtirilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent metropolitenida chipta sotish kassalari avtomatlarga bosqichma-bosqich almashtirilmoqda.
Metropoliten vakillarining maʼlum qilishicha, bu qaror yo‘lovchilar orasida yakka tartibdagi QR-chiptalarga bo‘lgan talab keskin kamaygani bilan bog‘liq. Ilgari yo‘lovchilarning deyarli yarmi ushbu chipta turidan foydalangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 6–7% ni tashkil etmoqda.
QR-kodli yakka chipta narxi 3 ming so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, bank kartasi orqali validatordan foydalanib yo‘lkira to‘lash ancha arzon — 1700 so‘m va undan kamroq, bu bank shartlari va amaldagi aksiyalarga qarab o‘zgarishi mumkin.
Narxdagi bu farq yo‘lovchilarni naqdsiz to‘lov turlariga o‘tishga rag‘batlantirmoqda.
Avtomatlar joriy etilishining dastlabki bosqichida 13ta metro bekatidagi bittadan vestibyuldagi kassalar almashtiriladi. Ular quyidagilar: Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar Do‘stligi, Paxtakor, Hamza (X. Alimjon), Pushkin, Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahristan, Bodomzor, Minor va Alisher Qodiriy.
Avtomatlashtirilgan chipta sotish tizimi joriy etilishi orqali metropolitenda xizmat ko‘rsatish samaradorligi oshishi va navbatlar qisqarishi kutilmoqda.