Toshkent issiqlik elektr markazida mazut yoqilg‘isidan umuman foydalanilmaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bu yerda elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosida ishlaydigan zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2024-yilda mazkur markazda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz-turbinalari foydalanishga topshirildi.
Ushbu qurilmalar orqali: 515 mln kVt⋅soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi poytaxt aholisi va iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash doimiy e’tibor markazida bo‘lib, energiya ishlab chiqarish jarayonida ekologik xavfsizlik ta’minlanmoqda. Markazda joylashgan 3 ta zamonaviy gaz-turbinali qurilmalarga ekopostlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy monitoring markazi tomonidan kuzatilib, tahlil qilib boriladi.
Energetika sohasidagi xalqaro hamkorlik doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan birgalikda Toshkentning Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida zamonaviy kogeneratsiya markazlari bunyod etildi.
Ushbu markazlarda so‘nggi avlod texnologiyalari joriy qilingan bo‘lib, past bosimdagi tabiiy gaz asosida ham elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu esa faoliyatni yanada samarali va ekologik xavfsiz amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Mana shu kabi qurilmalar poytaxtning 7 ta — Mirzo Ulug‘bek, Yunsobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod, Yangihayot tumanlarida ham joriy etiladi.
Shuningdek, korxona Toshkent shahri markazida joylashgani bois, ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatish va shahar ko‘rkini oshirish borasida ham faol ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 2025-yilning o‘zida 5 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.