Toshkent IIBB: Likecup futbol o‘yinidagi janjal — sahnalashtirilgani aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yoki futbol uchrashuvi paytida yuz bergan janjalni aks ettirgan videorolik yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2025 yil 28 may kuni soat 21:00 atrofida Shayxontohur tumanidagi “Jar” stadionida Likecup loyihasi doirasida artistlar va blogerlar o‘rtasida do‘stona futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
O‘yin yakunida 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro O.U. piar maqsadida jamoalar o‘rtasida soxta janjalni sahnalashtirib, bu videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
Jamoat tartibini buzuvchi bunday harakatlar qonun bilan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Mazkur holat yuzasidan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, loyiha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Hozirda janjalda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlangan, ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida choralar ko‘rilmoqda. Hujjatlar sudga yuborilgan.