Toshkent davlat transport universiteti talabalari Fransiyadagi Airbus markazida amaliyot oʻtaydilar
Toshkent davlat transport universiteti talabalari Fransiyadagi Airbus markazida amaliyot oʻtaydilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 27-noyabr kuni Toshkent davlat transport universitetida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Fransiya Respublikasi transport vaziri Filipp Tabaro hamda ikki mamlakat taʼlim va aviatsiya sohasi mutasaddilari ishtirokida hamkorlik Bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Toshkent davlat transport universiteti, Fransiyaning Milliy fuqaro aviatsiyasi maktabi (ENAC) va dunyoning yetakchi aerokosmik kompaniyalaridan biri — Airbus oʻrtasida imzolangan ushbu Bitim taʼlim, ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilgan holda aviasozlik soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Mazkur hamkorlik doirasida 2026-yildan boshlab TDTUning “Aviatsiya” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan 3- va 4-kurs talabalari Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan Airbus markazida 5 oylik amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi. Bu esa yosh mutaxassislarga ilgʻor Yevropa tajribasini oʻrganish, yetakchi muhandislar bilan ishlash va yuqori texnologik muhitda amaliy koʻnikmalarga ega boʻlish imkonini yaratadi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, mazkur hujjat Oʻzbekiston aviatsiya tarmogʻini modernizatsiya qilishga qaratilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi boʻlib, akademik aloqalarni kengaytirish, qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish va xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashda katta ahamiyat kasb etadi.